•  
  • urganch38-son@umail.uz
  • +998919172288
  • Ro'yxatdan o'tish

Maktab yangiliklari

“Boshlang`ich ta`lim o`qituvchilarining"

 08.07.2016   

Bu tadbir asosan ota-onalar, maktabgacha ta`lim muassasasi va maktab hamkorligida olib boriladi.   “Hamkorlik maktabi” tadbiri har bir sinf negizida  haftada bir marta belgilangan kunda o`tkazilib boriladi. Tadbirga ota-onalar va maktabgacha ta`lim muassasasi xodimlari jalb qilinadi. Tadbir reja asosida olib boriladi. Rejani o`qituvchi ota-onalar bilan kelishilgan holda tuzib chiqadi.Tadbir davomida asosan sinf o`quvchilarining ota-onalariga va maktabgacha ta`lim muassasasi xodimiga ilk pedagogik bilimlar beriladi va ular bu bilimlar asosida ta`limiy jarayonni uy va boqcha sharoitida olib borishadi.

   “Hamkorlik maktabi” tadbiri jarayonlaridan biriga to`xtalib o`taman:

     Ma`lumki,yozuv kishilarning o`zaro fikr almashishlarida muhim omil bo`lishi bilan birga, insonlarning nozik, nafis didini, ruhiyatini ifoda etishi bilan ham xarakterlanadi.

      Hozirgi kunda ko`pgina bolalar yozuvga o`rgangan holda maktabga kelmoqdalar. Menimcha, bu holatni to`g`ri deb bo`lmaydi. Chunki,  har qanday ota-ona ham yozuv texnikasini bilavermaydi. Xuddi shuningdek, bola tarbiyalanayotgan maktabgacha ta`lim muassasasi murabbiysi tomonidan berilgan yozuv ko`nikmalari ham hamisha ham talabga javob bera olmaydi. Keyingi paytlarda turli xildagi “Husnixat daftar”lari sotuvga chiqarilmoqdaki, ular ham ma`lum ma`noda bolalarning yozuv malakalarini shakllanishida o`zining ijobiy yoki salbiy ta`sirini o`tkazmoqda.Natijada maktabga yangi kelgan o`quvchilarni chiroyli yozishga, yozuv qoidalariga rioya qilishga qaytadan o`rgatish zarurati tug`ilmoqda.

    Boshlang`ich sinf o`quvchilarini husnixatga o`rgatishning birinchi kunidan boshlab o`qituvchining oldiga bir qator vazifalar qo`yiladi. O`quvchilarni yozuv qoidalari bilan to`liq tanishtirilmasdan turib husnixatga o`rgatib bo`lmaydi. Buni e`tiborga olgan o`qituvchi dastavval o`quvchilariga partada to`g`ri o`tirish, ruchkani to`g`ri ushlash, daftarni to`g`ri joylashtirish, harflar shaklini to`g`ri ifodalash, harflarni elementlarga ajratmay bog`lab yozish, harf va so`zlarni qatorlarga to`g`ri joylashtirish va hk. o`rgatib boradi. Bundan tashqari husnixat soatlarini dars jarayonining umumiy qismidan ajralmagan holda , ko`rgazmalilik asosida o`tkazilishini ta`minlab, darslarda “Kimning xati chiroyli?” ko`rik tanlovi g`oliblarini daftarlarini  namoyish etib boradi, “Ko`rkam bo`lsin yozuving, yozuvga ber bor mehring”- kabi chaqiriqlardan foydalanadi.

    Bundan ko`rinib turibdiki, o`quvchilarda chiroyli yozuv malakalarini shakllantirish o`ta mas`uliyatli jarayon hisoblanadi. Bu jarayonga o`qituvchi bilan birgalikda ota- onalar va maktabgacha ta`lim muassasasi murabbiysini ham jalb qilish eng maqbul ish deb qaraladigan bo`lsa, maqsadga erishish oson kechadi deb hisoblayman va bu borada quyidagi takliflarimni kiritishni o`rinli hisoblayman:

                                                                   “Hamkorlik maktabi” tadbiri asosida:

1.Bolani maktabga tayyorlash davridanoq husnixatga o`rgatish maqsadida ota- onalar va maktabgacha ta`lim muassasasi murabbiylari uchun maxsus  o`quvlar tashkil etish.

2. Ota- onalar va maktabgacha ta`lim muassasasi murabbiylarini bolalarni husnixatga o`rgatishda asqotadigan  ko`rsatma va tavsiyalar berilgan adabiyotlar, elektron manbalar  bilan tanishtirish va ta`minlash.

3.Ota- onalar va maktabgacha ta`lim muassasasi murabbiylarini kuzatish uchun dars jarayoniga  muntazam  taklif qilib borish.

4.Maktabda ko`rgazmalilikka asoslangan burchak tashkil etib, unda sinf o`quvchilarining eng sara daftarlarini namoyishi taqdimotini o`tkazib borish.

5. Faol ota- onalar va ularning farzandlarini rag`batlantirib borish.

    Bir so`z bilan aytganda,  “Hamkorlik maktabi” tadbiri orqali o`quvchilar egallayotgan bilim, malaka va ko`nikmalarni  doimo kuzatib, nazorat qilib borish nafaqat  o`qituvchining, balki barcha  ota- onalarning ham  sharafli vazifasi  ekanligini barchaga anglatishdan iborat.

korildi:  1654

 

O'xshash manbalar